Rossiyalik milliarder oligarx Sulaymon Karimovga tegishli bo‘lgan yaxta yangi xaridor topdi. Bu haqda Business Insider xabar bermoqda. «Amadea» yaxtasi AQSh hukumati 2022-yilda musodara qilingan edi.
106 metr uzunlikdagi «Amadea» dunyodagi eng katta yaxtalardan biri hisoblanadi. Uni Germaniyaning Lürssen kemasozlik zavodi ishlab chiqargan. Kema ichida cheksiz hovuz, jakuzzi, vertolyot maydonchasi, ikkita spa markazi, xususiy kinozali, oltin bezakli bar va pianino joylashgan.
AQSh Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yaxta 2022-yilda Fiji orollarida musodara qilingan. O‘sha paytda uning qiymati $300 mln atrofida baholangan, keyingi hisobotlarda esa bu summa $230 mln deb ko‘rsatilgan.
Hukumat bu yaxtani saqlash uchun oyiga qariyb $1 mln sarflagani sabab, uni auksion orqali sotishga qaror qilgan. Sotuv yopiq takliflar asosida 10-sentabr kuni o‘tkazilgan, lekin xaridorning ismi va narxi oshkor etilmagan.
Biroq yaxta atrofida hali ham sud ishlari davom etmoqda.
Rossiyalik tadbirkor Eduard Xudaynatov o‘zini kema egasi deb hisoblaydi va AQSh hukumatining qaroriga shikoyat qilgan. Uning advokati esa savdoni “noqonuniy va muddatidan oldin” deb atagan.

