Afg‘oniston Islom Amirligi va Pokiston hukumati Doha shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishdi. Muzokaralarga Qatar va Turkiya vositachilik qilgan.
Tomonlar jangovar harakatlarni darhol to‘xtatish va tinchlikni saqlash bo‘yicha maxsus mexanizm yaratishga rozi bo‘ldi. Kelishuv bajarilishini kuzatish uchun yaqin kunlarda qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Afg‘oniston hukumati vakili Zabihulloh Mujohid har ikki tomon bir-biriga qarshi qurolli harakatlarni qo‘llamaslikka va’da berganini aytdi.

Pokiston mudofaa vaziri Xavojа Muhammad Asif esa kelishuv ijrosini muhokama qilish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv 25-oktabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Keskinlashuv xronologiyasini
2025-yil oktabr oyida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududlarida keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Bu mojaro ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi yillardagi eng jiddiy keskinliklardan biri bo‘ldi.
9-oktabr tongida Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘onistonning Kobul, Xost, Jalolobod va Paktika viloyatlarida havo hujumlari uyushtirdi. Hujumlarning asosiy nishoni “Pokiston Taliboni” (TTP) yetakchisi Nur Vali Mehsud bo‘lgan. Kobuldagi Abdul Haq maydonida amalga oshirilgan zarbalar natijasida ko‘plab qurbonlar bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Ammo tez orada TTP tarafidan Mehsudning o‘ldirilmagani haqida audio yozuv e’lon qilindi. Shu orada Afg‘oniston hukumati bu hujumlarni mamlakat suverenitetini buzish deb baholab, javob choralarini ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
11–12-oktabr kechasi Afg‘oniston qurolli kuchlari Pokiston armiyasining bir necha chegara postlariga hujum uyushtirdi. Bu harakat Pokistonning avvalgi havo zarbalariga javob sifatida amalga oshirilgan. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi operatsiya yakunlanganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Pokiston rasmiylari bu bayonotni rad etdi va o‘z hujumlarini davom ettirdi.
Shu kuni Pokiston dronlari Afg‘onistonning Qandahor va Hilmand viloyatlarida zarbalar bergani haqida xabarlar tarqaldi. Norasmiy manbalarga ko‘ra, bu hujumlarda 19 nafar afg‘on jangarisi halok bo‘lgan. Spin Boldakdagi harbiy baza yo‘q qilinib, infratuzilmaga katta zarar yetkazilgan.

Qurbonlar va yo‘qotishlar
Har ikki tomon o‘zining va raqibining talofatlari haqida turlicha raqamlarni e’lon qildi. Afg‘oniston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Pokiston armiyasi 200 dan ortiq askardan ayrilgan, 6 ta tank va 1 ta Humvee yo‘q qilingan. Pokiston esa Afg‘oniston tomonidan 58 nafar askar halok bo‘lganini, 40 nafar tinch aholi o‘lganini bildirdi. Afg‘onistonning rasmiy ma’lumotida esa 43–48 harbiy halok bo‘lgani, 16–18 kishi yaralangani qayd etilgan.

