Samarqand va Qashqadaryoda yer sotish bo‘yicha noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida don yetishtiruvchi fermer xo‘jaligi rahbari tanish mansabdorlar orqali xo‘jalikka tegishli 3 gektar yer maydonini issiqxona qurmoqchi bo‘lgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSh dollari talab qiladi. U oldindan 20 ming dollar olgan paytda DXX va viloyat IIB tomonidan qo‘lga olindi.
Unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ish ochildi. Tergov davom etmoqda.
Qashqadaryoda esa Qarshi tumanida yashovchi 1992 va 1998-yilda tug‘ilgan ikki shaxs davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlar orqali Karmana tumanida yashovchi fuqaro nomiga uy qurish uchun rasmiylashtirib berish evaziga 180 mln so‘m talab qiladi. Ular oldindan 10 ming AQSh dollari olgan paytda DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ushlandi.
Bu holat bo‘yicha 168-modda 2-qismi “a”, “b” bandlari hamda 28,211-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Samarqandda yashirincha ishlagan “mayning ferma” fosh etilgani haqida yozgan edi.

