Gruziya–Ozarboyjon chegarasiga yaqin hududda Turkiyaga tegishli harbiy yuk tashuvchi samolyot halokatga uchradi. Turkiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, C-130 rusumli samolyot bortida kamida 20 nafar turkiyalik harbiy bo‘lgan.
Samolyot seshanba kuni Ozarboyjonning Ganja shahridan havoga ko‘tarilgan va Turkiyaga qaytish yo‘lida bo‘lgan. Halokat sabablari hozircha noma’lum. Turkiya va Ozarboyjon rasmiylari hodisada qurbonlar borligini tasdiqladi.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, samolyotda ozarboyjonlik harbiylar ham bo‘lgan. Voqea joyidan olingan videolarda yerga urilgan samolyotdan qora tutun osmonga ko‘tarilayotgani aks etgan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya ma’lum qilishicha, Gruziya ichki ishlar vaziri Gela Geladze voqea joyiga 17:00 da yetib borgan, hozirda qidiruv va qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an halokatdan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, qurbonlar oilalariga hamdardlik yo‘lladi.
Gruziya ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, samolyot Kakheti viloyatining Sighnaghi tumanida, Ozarboyjon chegarasidan 5 kilometr narida qulagan. Mamlakatning havo harakati nazorati xizmati samolyot Gruziya havo hududiga kirgach, radardan g‘oyib bo‘lganini va hech qanday signal yubormaganini ma’lum qildi.
Qaynoq24.uz nashri Turkiyadagi atir zavodida yong‘in chiqib, olti kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

