Tbilisi shahar sudi 2025-yil 4-oktabr Gruziyada prezident saroyiga bostirib kirishda ayblangan yetti kishi qamaldi. Ular turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Gruziyaning “Imedi” telekanali xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Konstantin Kokaya, David Sturua, David Jgenti, Kaxaber Mjavanadze, Zakro Altunashvili va Georgiy Chaxunashvili besh yilga qamaldi. Iya Daraxvelidze esa uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Bir necha kun avval ushbu ish bo‘yicha hibsga olingan yana 22 kishi aybini tan olgan edi. Prokuratura ular bilan protsessual kelishuv tuzgan, sud esa ularni uch yil shartli qamoq jazosiga hukm qilgan. Shundan so‘ng ular qamoqxonadan ozod etilgan.
2025-yil 4-oktabr kuni Tbilisida, munitsipal saylovlar o‘tayotgan vaqtda muxolifat mitingi bo‘lib o‘tgan. Aksiya tashkilotchilari hokimiyatni ag‘darishni e’lon qilib, tarafdorlarini prezident saroyi “kalitlarini egallashga” chaqirgan. Shundan so‘ng namoyishchilarning bir qismi yaqin atrofdagi prezident qarorgohi tomon yo‘l olgan.
Namoyishchilar to‘siqlarni buzib o‘tgan, biroq maxsus kuchlar ularni suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida ortga surgan.
Politsiya aksiya tashabbuskorlari sifatida opera xonandasi Paata Burchuladze, sobiq bosh prokuror Murtaz Zodelava, muxolifatchilar Irakliy Nadiradze va Paata Manjgaladze, shuningdek, sobiq harbiy Lasha Beridzeni hibsga olgan. Ular hokimiyatni ag‘darishga chaqirish va guruh bo‘lib zo‘ravonlikni tashkil etishda ayblanib, yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Qaynoq24.uz Gruziya xorijdan ovoz berishni taqiqlagani haqida yozgan edi.


