O‘zbekistonda “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalari emissiyasi va muomalasini tartibga soluvchi yangi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Nizomga ko‘ra, “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ to‘lov agenti sifatida belgilandi. Endilikda ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha foiz to‘lovlari va nomimal qiymatni qaytarish aynan ushbu depozitariy orqali amalga oshiriladi.
Ipoteka qoplamasiga kiritiladigan kreditlar qat’iy talablarga javob berishi shart. Xususan, kreditning garovga nisbati 75 foizdan kam bo‘lmasligi, qarz oluvchining qarz yuki 70 foizdan oshmasligi va ipoteka krediti berilgan kundan boshlab kamida 6 oy o‘tgan bo‘lishi lozim.
Mazkur kreditlar bo‘yicha zarur hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilgan bo‘lishi talab etiladi. Bunga ipoteka va kredit shartnomalari, to‘lovlar jadvali, sug‘urta polisi, garov mulki egasini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek, ipoteka shartnomasining davlat reyestridan olingan ko‘chirmasi kiradi.
Nizomga muvofiq, ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha barcha foiz to‘lovlari va asosiy qarzni qaytarish faqat Markaziy depozitariy orqali amalga oshiriladi. Bu mexanizm bozorni tartibga solish, investorlar himoyasini kuchaytirish va ipoteka obligatsiyalari bozorini bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri “El-yurt umidi” stipendiyasini olish tartibi haqida yozgan edi.

