AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda mamlakat Saudiya Arabistoniga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishini ma’lum qildi. Bu haqda The New York Times ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, Saudiya AQShning muhim ittifoqchisi bo‘lgani uchun bu bitim bo‘yicha muzokaralar davom etadi.
Prezident Trampning bu bayonoti Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning AQShga yetti yildan ortiq tanaffusdan keyingi ilk rasmiy tashrifi arafasida qilindi. Tashrif davomida 48 dona F-35 xaridi va o‘zaro mudofaa kelishuvi yuzasidan muzokaralar rejalashtirilgan.
F-35 qiruvchi samolyotlarini Lockheed Martin ishlab chiqaradi. Hozirda 20 ga yaqin davlat ushbu samolyotlardan foydalanadi yoki buyurtma qilgan. Narxlar 80 million dollardan 110 million dollargacha bo‘lib, modeliga qarab farqlanadi.

AQSh Mudofaa razvedka agentligining so‘nggi hisobotida Saudiya Arabistoniga F-35 sotilishi Xitoyning ilg‘or texnologiyalarga kirib borish xavfini oshirishi mumkinligi ta’kidlangan. Riyod va Pekin o‘rtasidagi hamkorlik AQSh razvedkasini xavotirga solayotgan asosiy jihatlardan biri sanaladi.
Yana bir muhim masala — Isroilning hududiy ustunligi. Isroil Yaqin Sharqdagi yagona F-35 egasi bo‘lib turibdi va AQSh qonunlariga ko‘ra, Vashington mintaqadagi harbiy muvozanatni izdan chiqarmasligi kerak. Saudiya bilan F-35 bitimi ushbu ustunlikka ta’sir qilishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.
Ayrim respublikachi senatorlar Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni yaxshilamaguncha bitimni qo‘llab-quvvatlamasliklari mumkinligini aytmoqda. Kongressning ikki palatasi ham bitimni to‘xtatish huquqiga ega, biroq avvalgi tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bunday urinishlar ko‘pincha samarasiz tugagan.
Prezident Tramp avval ham Kongress cheklovlarini chetlab o‘tishga tayyorligini ko‘rsatgan edi. 2019-yilda prezident favqulodda vakolatdan foydalanib, 8,1 milliard dollarlik qurol bitimini Kongress qarshiligiga qaramay tasdiqlagan. O‘sha paytda siyosatchilar jurnalist Jamol Khashoggi o‘ldirilganidan so‘ng Saudiya Arabistoniga bosim kuchaytirishni talab qilgan edi.
AQSh siyosiy doiralarida Saudiya Arabistoni inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tanqid ostida qolmoqda. Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati ushbu qurol bitimini mintaqada Eron ta’sirini jilovlashning muhim vositasi sifatida ko‘rmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz internet nashri AQShda o‘zbekistonlik terrorchilikda ayblanayotgani haqida yozgan edi.

