AQSh Saudiya Arabistoniga 300 ta Abrams tanki ham sotadi

Foto: Honeywell Aerospace
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Saudiya Arabistoni AQShdan F-35 qiruvchilari va 300 taga yaqin Abrams tanki xarid qiladi. Oq uy bu bitimni “America First” siyosati uchun katta yutuq deb atadi.

Oq uyga ko‘ra, kelishuv AQSh mudofaa sanoatining Saudiya bozorida ishlashini osonlashtiradi, AQSh xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha mablag‘lar beradi va Riyodning AQShni asosiy ittifoqchi sifatida ko‘rayotganini tasdiqlaydi.

Kelishuv doirasida Saudiya uzoq yillardan beri istab kelgan F-35 qiruvchilarini oladi. Shuningdek, qirollik 300 taga yaqin Abrams tankini xarid qiladi. Bu Saudiya mudofaa salohiyatini kuchaytirishi va AQShdagi yuzlab ish o‘rinlarini saqlab qolishi aytilgan.

Bitimga yana boshqa qurol-texnika savdolari ham kirishi mumkin. Saudiya bilan 130 tagacha MQ-9B droni va 200 ta Gambit tipidagi “loyal wingman” dronlari bo‘yicha muzokaralar ketayotganini bildirildi.

F-35 yetkazib berilishi Isroilning mintaqadagi harbiy ustunligini saqlab qolish majburiyati bilan bog‘liq. Prezident Donald Trampga bu haqda savol berilganda, u Saudiya oladigan F-35lar Isroil variantiga deyarli o‘xshash bo‘lishini aytgan.

Tramp Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan Oq uyda uchrashdi. Bu uning AQShga 2018-yildan beri ilk rasmiy tashrifi. Uchrashuv chog‘ida u AQSh iqtisodiyotiga kiritiladigan sarmoyalar hajmini 600 mlrd dollardan 1 trln dollargacha oshirishini ma’lum qildi.

Tomonlar yadro energetikasi bo‘yicha hamkorlik, kritik minerallar va sun’iy intellekt bo‘yicha kelishuvlarni ham imzoladi. Mudofaa bo‘yicha keng qamrovli bitim bir necha yillardan beri muhokama qilinib kelayotgan edi.

Saudiya Arabistonining Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirishi esa hanuz ochiq masala bo‘lib turibdi. Shahzoda buning faqat Falastin uchun ikki davlat yechimi bo‘yicha aniq kafolat bo‘lsa ro‘y berishini aytgan.

Tramp esa Saudiya-Isroil yaqinlashuvi bo‘yicha optimistik fikr bildirdi, lekin yakuniy qaror tomonlarga bog‘liqligini ta’kidlagan.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Tramp Saudiya AQSHga 1 trln dollar sarmoya kiritishi mumkinligini aytgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.