Oppo Find X9 Pro oktabr oyida Xitoyda taqdim etilgan edi, endi esa uning global versiyasi Hindistonda namoyish qilindi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Global bozorda smartfon faqat bitta konfiguratsiyada sotiladi — 16/512 GB. Uning narxi 1240 dollar etib belgilangan. Xitoyda esa boshlang‘ich versiya 745 dollardan (12/256 GB), eng yuqori versiya esa 940 dollardan sotiladi.
Global model xususiyatlari Xitoy versiyasi bilan bir xil. Qurilmada 6,78 dyuymli AMOLED ekran, 1,5K aniqlik va 120 Gts yangilanish chastotasi bor. Shuningdek, ekran 3840 Gts PWM-regulyatsiyaga ega.
Batareya sig‘imi 7500 mA/soat bo‘lib, 80 Vt quvvatli simli va 50 Vt quvvatli simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy kamera Hasselblad bilan ishlangan bo‘lib, 50, 50 va 200 megapikselli uchta moduldan iborat. Old kamera 50 megapikselli.
Smartfon infratroq nurlatgich, stereo dinamika, Bluetooth 6, WiFi 7 bilan jihozlangan. Qalinligi 7,99 mm, og‘irligi 203 gramm.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri yangi Vivo X200T smartfoni haqida nimalar ma’lumligi haqida yozgan edi.

