Realme 16 Pro smartfoni haqida yangi ma’lumotlar TENAA bazasi orqali ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Qurilmaning Xitoy bozoriga mo‘ljallangan RMX5121 modeli ro‘yxatdan o‘tgani uning asosiy parametrlarini tasdiqladi. Hindiston bozori uchun model raqami RMX5120 bo‘ladi.
TENAA ma’lumotiga ko‘ra, Realme 16 Pro korpusi 162,6×77,6×7,75 mm o‘lchamda, og‘irligi esa 192 gramm. Smartfonda 6,78 dyuymli OLED displey bo‘lib, 1,5K (2772×1272) pikselli aniqlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Avvalgi avlod kabi 144 Hz yangilanish chastotasi bo‘lishi kutilmoqda.
Asosiy kamera tizimi 200 MP va 8 MP dublor modullaridan iborat. Old kamera esa 50 MP sensorga ega. Qurilma Android 16 asosidagi Realme UI 7 bilan ishlaydi. Ichki qismida 2,5 GHz chastotada ishlovchi noma’lum protsessor o‘rnatilgan.
Xitoyda model 8 GB, 12 GB va 16 GB operativ xotira bilan, 128 GB, 256 GB, 512 GB va 1 TB saqlash hajmi variantlarida sotuvga chiqariladi. Hindiston bozorida esa 8/128 GB, 8/256 GB, 12/256 GB va 12/512 GB variantlari taklif qilinadi.
Smartfon 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. TENAA hujjatida uning nominal sig‘imi 6830 mA/soat deb ko‘rsatilgan. Avvalgi avloddagi kabi 80 Vt tezkor quvvatlanish qo‘llab-quvvatlanishi taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari, qurilmada ultratovushli ekran osti barmoq izi skaneri va IR-blaster mavjud.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Samsung Galaxy S26 Ultra smartfonining batareya sig‘imi oshirilishi haqida yozgan edi.

