O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga avtomobil eksportini keskin oshirishi mumkin. Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi Davron Vahobovga ko‘ra, mamlakat yiliga 100 mingtagacha avtomobil yetkazib berishga tayyor.
Uning aytishicha, ilgari avtomobillar Afg‘onistonga Dubay orqali yetkazilgan. Bunda bir konteyner narxi $2,5 mingni tashkil etgan va yetkazib berish 40 kungacha cho‘zilgan.
“Ilgari mashinalar Amerika yoki Yaponiyadan Dubayga olib kelinar, so‘ng Eron yoki Pokiston orqali Afg‘onistonga jo‘natilar edi. Bitta konteynerga 5 ta mashina sig‘adi, tashish narxi — $2500, yetkazib berishni esa 40 kun kutish kerak”, — deb qayd etgan Vahobov.
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani sabab bu logistika yo‘nalishi yopildi. Natijada o‘zbekistonlik eksportchilar uchun yangi imkoniyat paydo bo‘ldi. Endilikda avtomobillarni Toshkent va viloyatlardagi avtobozorlardan Afg‘onistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Bu esa logistika xarajatlari va yetkazib berish muddatini sezilarli qisqartiradi. Shuningdek, yetkazib berish muddati taxminan 3 kungacha qisqarishi mumkin.
Qaynoq24.uz Tojikiston Afg‘oniston bilan chegarada otishma yuz berganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

