Qirg‘izistonda sobiq prezidentning o‘g‘li va bir guruh siyosatchilar qo‘lga olindi

Foto: Ijtimoiy tarmoq
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi sobiq prezident Almazbek Atambayevning o‘g‘li Qodirbek Atambayev hamda bir qator siyosiy shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ular ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlanmoqda.

MVD xabariga ko‘ra, Qodirbek Atambayev bilan birga sobiq davlat qo‘riqlash xizmati rahbari Damir Musakeyev, sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi Temirlan Sultonbekov, sobiq deputatlar Shaylobek Atazov va Kubanychbek Kadirov ham ushlangan. Tergov ularni parlament saylovi yakunidan so‘ng mitinglar boshlab, omma noroziligini sun’iy ko‘rsatish, shuningdek, davlat binolari va telekanallarni egallashga urinishni rejalashtirganlikda ayblamoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tintuv vaqtida qurol, o‘q-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, moliyalashtirishga oid hujjatlar, harakat rejasi, narkotik moddalar hamda $150 ming topilgan. Gumondorlarga Jinoyat kodeksining “ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishga tayyorgarlik” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Uch nafar gumondor SIZOga yuborildi

Qo‘lga olinganlardan Temirlan Sultonbekov, shuningdek, avvalroq ushlangan Ermek Ermatov va Urmat Askarbekov sud qarori bilan 17-yanvargacha qamoqqa olingan. Qolgan gumondorlar – Qodirbek Atambayev, Damir Musakeyev, Shaylobek Atazov va Kubanychbek Kadirov bo‘yicha ham qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanishi kutilmoqda.

Atambayev oilasi tergovga chaqirilgan

22-noyabr kuni sobiq prezidentning rafiqasi va yana bir o‘g‘li tergovga chaqirilgan. Xuddi shu kuni mamlakat bo‘ylab bir necha siyosiy shaxslarga tegishli manzillarda tintuvlar o‘tkazilgan. Mahalliy OAV sobiq iqtisodiy jinoyatlarga qarshi xizmat boshlig‘i Sumyk Japykeyevning ham ushlanganini xabar qilgan.

Atambayevning qizi Aliya Shagieva bo‘layotgan jarayonlarni “siyosiy ta’qib” va “inson huquqlari buzilishi” deb baholagan.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Qirg‘izistonda 18 yoshli qiz uni o‘pgan yigitning tilini uzib olgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.