Tailanddagi suv toshqinlari oqibatida qariyb yarim million odam zarar ko‘rdi

Foto: AFP
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Tailanddagi suv toshqinlari oqibatida qariyb yarim million odam zarar ko‘rdi. Bu haqda mahalliy Toutelathailande nashri xabar bermoqda.

Tailand janubida noyabr oyidan beri davom etayotgan kuchli yomg‘irlar oqibatida suv toshqinlari keskin kuchaydi va vaziyat tobora og‘irlashmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 465 mingdan ortiq aholi jiddiy zarar ko‘rgan, 6 ta viloyatda esa umumiy 228 ming rai yoki qariyb 365 kvadrat kilometr hudud suv ostida qolgan. Eng og‘ir holat Songkhla viloyatida kuzatilmoqda. Hat Yai shahri va uning atrofidagi tumanlar “qizil zona” deb e’lon qilinib, aholiga zudlik bilan evakuatsiya buyurildi. Kuchli atmosfera fronti sababli yomg‘irlar kamaymayotgani, daryolarda suv sathi toshish darajasiga yaqinlashgani xavfni yanada oshirayotganini mahalliy hukumat ta’kidlamoqda.

Songkhla hokimligi 23-noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda vaziyat keskin yomonlashganini ma’lum qildi. 19–23-noyabr oralig‘ida viloyatning 16 tumani, 100 ta sub-tumani va 637 ta qishlog‘i suvdan zarar ko‘rgan. Eng ko‘p talafot Hat Yai shahriga to‘g‘ri kelib, 243 mingdan ortiq aholi toshqin ta’sirida qolgan. Rattaphum va Na Mom tumanlarida ham suv sathi yuqori bo‘lib, ko‘plab uylar, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi yerlari zarar ko‘rgan. Ayrim yo‘llar yopilgan, elektr ta’minoti uzilgan, mehmonxonalar va ko‘p qavatli binolarda qolib ketgan fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda.

Tailand Bosh vaziri Anutin Charnvirakul 22-noyabr kuni toshqin hududlarini shaxsan ko‘zdan kechirdi. Uning ko‘rsatmasidan so‘ng Hat Yai shahrida qo‘shimcha qo‘mondonlik markazi ochildi, qutqaruvchilar, harbiy yuk mashinalari va keng taglikka ega qayiqlar safarbar qilindi. Eng avvalo, bolalar, keksalar, bemorlar va yordamga muhtoj fuqarolar xavfsiz hududlarga ko‘chirilmoqda.

Elektr ta’minoti uzilgan ko‘plab mehmonxonalardan odamlarni evakuatsiya qilish jarayoni ham harbiy bo‘linmalar zimmasiga yuklatildi. Suvni tez chiqarish uchun 68 manzilga 80 dan ortiq nasos qurilmalari o‘rnatildi. Songkhla Qizil Xoch jamiyati har kuni 20 ming dona oziq-ovqat qutisi tayyorlab, barcha zararlangan hududlarga tarqatmoqda.

Avvalroq Qaynoq24 nashri Vyetnamda suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 90 taga yetgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.