Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha komissiya tuziladi. Bu haqda tegishli prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martga qadar poytaxtda ekologik holatni barqarorlashtirish va havoning sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator majburiy ishlar bajariladi.
Ushbu komissiya ekologik tahdid kuchaygan davrlarda tezkor qarorlar qabul qilib, zarur cheklovlar yoki vaqtinchalik to‘xtatish choralarini belgilaydi.
Komissiya faoliyati turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Zarurat tug‘ilganda qurilish jarayonlariga qo‘shimcha talablar qo‘yiladi, chang tarqalishini kamaytiruvchi uskunalar o‘rnatilishi shart etib belgilanadi. Sanoat korxonalarining faoliyatiga ekologik xavf darajasiga qarab vaqtinchalik yoki to‘liq cheklovlar joriy qilinishi mumkin. Shuningdek, ayrim ishlab chiqarish obyektlari ekologik talablarga javob bermasa, ularni Toshkentdan boshqa hududlarga ko‘chirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Transport oqimining ekologik holatga ta’siri alohida baholanadi. Zarur hollarda shahar ko‘chalarida avtomobillar harakati cheklanadi yoki vaqtincha tartibga solinadi. Atmosferaga zararli modda chiqaradigan texnik qurilmalar va issiqlik ta’minoti obyektlarining faoliyatiga ham qat’iy nazorat o‘rnatiladi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri korxonalarga 1-dekabrga qadar zararli tashlamalarni 2 baravarga kamaytirish topshirilgani haqida yozgan edi.

