Uy-joy bozorida bitimlar 47 foizga oshdi

Foto: Unsplash
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Mart oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 43,6 mingtani tashkil etdi. Bu fevralga nisbatan 47 foizga ko‘p.

Hududlar kesimida barcha viloyatlarda o‘sish qayd etilgan. Eng yuqori sur’at Sirdaryo viloyatida kuzatilib, bitimlar soni 64,6 foizga oshgan. Jizzax viloyatida o‘sish 73,2 foizni, Namanganda esa 63 foizni tashkil etgan. Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ham faollik 40–50 foiz atrofida ko‘tarilgan.

Umumiy bitimlarning qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44 foizga oshib, 12,8 mingga yaqin bitim qayd etilgan.

2026-yil mart oyida O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar biroz oshdi. Oylik hisobda o‘sish 0,4 foizni tashkil etdi. Yillik ko‘rsatkich esa yuqori darajada saqlanib, o‘rtacha narxlar o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘tarildi.

Hududlar kesimida eng katta o‘sish Sirdaryo viloyatida qayd etilib, narxlar 22 foizga oshgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 18,7 foizni, Andijon viloyatida esa 17,6 foizni tashkil etgan.

Toshkent shahrida uy-joy narxlari segmentlar bo‘yicha turlicha o‘zgarish ko‘rsatgan. Ikkilamchi bozorda o‘sish sur’ati sekinlashgan bo‘lsa, yangi uylar bozorida narxlar ancha tez ko‘tarilgan. Yillik hisobda poytaxtda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Mirobod tumanida 7,3 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida 7,2 foiz va Chilonzor tumanida 6,9 foiz darajasida qayd etilgan.

Yangi uy-joylar segmentida esa narxlar yanada tez o‘smoqda. O‘tgan yil martiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 8,8 foizga ko‘tarilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Mirzo Ulug‘bek tumanida 15,5 foiz, Mirobod tumanida 14,9 foiz va Yunusobod tumanida 14,6 foizni tashkil etgan.

Qaynoq24.uz uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha yangi farmon qabul qilingani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.