Buxoro shahrida bukmekerlik faoliyatiga oid reklama olib tashlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Nodir Devonbegi madrasasi oldida aralash jang san’atlari musobaqasiga oid reklama banneri o‘rnatilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unda bukmekerlik faoliyati bilan bog‘liq logotip ham aks etgani aytilgan.
Raqobat qo‘mitasi mutaxassislari voqea joyiga chiqib, holatni o‘rgandi. Tekshiruv davomida ko‘rsatilgan hududda reklama banneri mavjud emasligi aniqlangan.
Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, banner 29-aprel kuni o‘rnatilgan va o‘sha kunning o‘zida olib tashlangan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, moddiy-madaniy meros obyektlarida tashqi reklama joylashtirish taqiqlanadi. Shuningdek, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan faoliyatlar, jumladan internet orqali tashkil etiladigan o‘yinlar reklamasiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Hozirda reklama buyurtmachisi, tayyorlovchisi, tarqatuvchisi hamda tadbir tashkilotchilari yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yakuniga ko‘ra, holatga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Namanganda tibbiyot muassasalari noqonuniy olingan 300 mln so‘mni qaytarishi haqida yozgan edi.

