Apple iOS 27 tizimida ko‘proq sun’iy intellekt imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Insayder Mark Gurman aytishicha, yangi iOS versiyasida katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Apple bu safar funksiyalarni ko‘paytirishdan ko‘ra tizim sifatini yaxshilash va unumdorlikni oshirishga e’tibor qaratadi. Gurman fikricha, iOS 27 shu ma’noda 2009-yilda chiqqan Snow Leopard yangilanishiga o‘xshaydi.
Shu bilan birga, operatsion tizimda bir nechta yangi imkoniyatlar ham bo‘ladi. Asosiy yangilik — sun’iy intellekt xizmatlari. Apple’ning o‘z neyrotarmog‘i iOS ichidagi boshqa ilovalarga ham kengaytiriladi. Shuningdek, Apple Health+ deb nomlangan pullik servis ishga tushadi. U foydalanuvchi ma’lumotlari asosida tibbiy tavsiyalar beradi.
Gurman ta’kidlashicha, sifatni oshirishga qaratilgan yondashuv macOS 27’da ham qo‘llanadi. iOS 27 va boshqa tizimlar 2026-yilning o‘rtalarida taqdim etiladi, kuzda esa chiqarilishi kutilmoqda.
Bundan avval iPhone 17 internet tezligi Apple smartfonlari orasida eng yuqori natijani ko‘rsatgani ma’lum bo‘lgandi. Ookla ekspertlari buni yangi N1 modemi bilan bog‘lagan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Apple Android’dagi yangi Quick Share funksiyasidan norozi bo‘lgani haqida yozgan edi.

