Farg‘ona viloyatida 1,5 mlrd so‘mlik noqonuniy dori vositalari aniqlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro “S.G.” tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy faoliyat olib borgani fosh etildi. U o‘ziga qarashli noturar binoda hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarsiz tibbiy dori vositalarini chakana savdoga chiqargani aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu manzildan tegishli sharoitlarda saqlanmagan jami 66 turdagi 41 319 dona dori vositalari topildi. Shundan 56 turdagi 36 361 dona dori preparatlarining muvofiqlik sertifikatlari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 565 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Farg‘onada qariyb 1 kg givohvandlik moddasi fosh qilingani haqida yozgan edi.

