2026-yil 1-maydan boshlab HUMO to‘lov tizimi kartalari bo‘yicha SMS xabarnomalar narxi oshiriladi. Endilikda 13131 qisqa raqamidan keladigan har bir kiruvchi SMS uchun 168,4 so‘m undiriladi.
Mazkur xizmatni taqdim etuvchi Octotelecom kompaniyasi ma’lum qilishicha, bu o‘zgarish texnik infratuzilma xarajatlari oshgani, dasturiy ta’minotni rivojlantirish, xizmat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, shuningdek energiya resurslari va litsenziya to‘lovlari qimmatlashgani bilan bog‘liq.
Hozirgacha bitta SMS narxi 84,2 so‘m bo‘lgan. Shunday qilib, yangi tarif amalda ikki baravar oshadi. Narxlar o‘zgarishi haqida Mobiuz, Ucell va Beeline mobil operatorlari ham foydalanuvchilarni xabardor qilgan. 13131 qisqa raqami orqali foydalanuvchilarga karta operatsiyalari va hisobdagi qoldiq haqida xabarlar yuboriladi. Ushbu xizmatni o‘chirish uchun foydalanuvchilar shu raqamga “STOP” so‘zini yuborishi mumkin.
Shuningdek, Click to‘lov tashkilotining “SMS-informatsiya 880” xizmati ham 1-maydan 168,4 so‘m etib belgilandi. Bu xizmat orqali foydalanuvchilar USSD operatsiyalari va boshqa to‘lovlar holati haqida xabarnoma oladi.
HUMO tizimida bir martalik tasdiqlash kodlari ham 13131 raqami orqali yuboriladi. Bunday SMSlar faqat mobil raqamda ijobiy balans mavjud bo‘lsa yetkaziladi. Ularning narxi ham kontent-provayder tariflariga muvofiq hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Octotelecom 2024-yilda tashkil etilgan bo‘lib, simsiz aloqa xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniyaning asosiy ulushi Octo‘ga tegishli. Shu bilan birga, ayrim ochiq reyestrlarda kompaniya ma’lumotlarini topishda texnik xatoliklar kuzatilgani qayd etilgan.
Qaynoq24.uz Markaziy bank 20 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgan edi.

