Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligi oshiriladi. Bu haqda Prezidentning tegishli farmoni e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, boshqaruv samaradorligini ta’minlashga mas’ul Boshqaruv samaradorligi agentligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etildi.
2026-yil 1-yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta tuman va shahar hokimliklarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.
Unga ko‘ra, davlat organlari faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari Agentlik tomonidan shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Agentlik quyidagi yo‘nalishlarda ishlaydi:
— natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqish va joriy etilishini muvofiqlashtirish;
— ko‘rsatkichlarga erishilish darajasini “samaradorlik.gov.uz” platformasi orqali baholash;
— vazifalar ijrosi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;
— davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash bo‘yicha tanlovlarda zamonaviy yondashuv va zarur holatlarda qo‘shimcha bosqichlar joriy etish.
Hozirda farmonda belgilangan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan.
Qaynoq24.uz “Qulay muhit” va “Hokimiyat monitori” tizimlari joriy etilishi haqida yozgan edi.

