Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin bir yil ichida 580 mingdan ortiq suriyalik qochqin Turkiyadan o‘z vataniga qaytgan. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbul shahrida o‘tkazilgan elchilar anjumanida bayonot berdi.
Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, Asad rejimi 2024-yil dekabrida qulaganidan so‘ng Suriyaga qaytgan qochqinlar soni 580 mingga yetgan. Turkiya rahbari mamlakati Suriyaga har tomonlama ko‘mak berishda davom etayotganini ta’kidladi.
“Asad rejimi qulaganidan keyin Suriyaga qaytgan qochqinlar soni 580 mingga yetdi. NATOdagi yagona davlat sifatida IShIDga qarshi bevosita kurash olib borgan Turkiya Suriya hukumatiga zarur bo‘lgan barcha yordamni ko‘rsatmoqda”, — dedi Erdo‘g‘on.
Ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina Asad rejimi qulaganidan keyingi ilk bir oy ichida 52,6 mingdan ortiq suriyalik Turkiyadan Suriyaga qaytgan. Hozirda Turkiyada vaqtincha boshpana topgan suriyaliklar soni 3,7 million atrofida ekani qayd etilmoqda.
Turkiya prezidenti mamlakati Suriyaning tiklanish jarayonida ham faol ishtirok etishini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Suriyada yashovchi barcha ijtimoiy qatlamlar kelajakka ishonch bilan qarashi uchun umumiy tarix va yagona kelajak tasavvuri muhim ahamiyatga ega.
Qaynoq24.uz Suriyadagi to‘y marosimida portlash natijasida 33 kishi jarohatlangani haqida yozgan edi.

