Yaponiya elektromobillar uchun yangi soliq joriy etishni rejalashtirmoqda

Foto: Wired
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Yaponiya hukumati elektromobillar uchun yangi soliq joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda ITHome portali xabar berdi.

Taklifga ko‘ra, ushbu soliq elektromobilning og‘irligiga bog‘liq bo‘ladi va 2028-yildan boshlab amaldagi yig‘imlarga qo‘shimcha sifatida tatbiq etilishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tashabbus Yaponiya Moliya vazirligi tomonidan ilgari surilgan. U benzinli avtomobil egalari orasida kuchayib borayotgan norozilik fonida paydo bo‘lgan. Ularning fikricha, elektromobil egalari yoqilg‘i solig‘ini to‘lamayotgani adolatsizlikni yuzaga keltirmoqda. Shuningdek, katta akkumulyatorga ega, og‘ir elektromobillar yo‘l qoplamasini tezroq eskirtirishi ham asosiy dalillardan biri sifatida keltirilmoqda.

Vazirlik vakillarining ta’kidlashicha, yangi soliq yo‘llarni ta’mirlash va infratuzilmani saqlash uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb etishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida yillik soliq stavkalari avtomobil og‘irligiga qarab farqlanadi.

Rejaga ko‘ra, yengil elektromobillar uchun yillik yig‘im 3,6 ming iyena, 2 tonnagacha bo‘lgan avtomobillar uchun 6,5 ming iyena, 2–2,5 tonna oralig‘idagi transport vositalari uchun 20 ming iyena, 2,5 tonnadan og‘ir elektromobillar uchun esa 24 ming iyena etib belgilanishi mumkin.

Ushbu o‘zgarishlarni 2026-moliya yili uchun mo‘ljallangan soliq islohotlari dasturiga kiritish rejalashtirilmoqda. Biroq Yaponiya avtomobil sanoati vakillari, mustaqil ekspertlar hamda Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ushbu tashabbusga qarshi chiqmoqda. Ular yangi soliq elektromobillar ommabopligining pasayishiga olib kelishidan xavotir bildirmoqda.

Qaynoq24.uz Yaponiyaning shimolida yetti yarim balli zilzila 23 kishini jarohatlagani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.