Toshkent tumanida dorixona omborida qonunbuzarliklar aniqlandi

Foto: "Xavfsizlik"
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi dorixonalardan biriga tegishli omborxona tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida omborda 1209 turdagi, umumiy qiymati 38 milliard so‘mga teng dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Ularning qariyb 20 milliard so‘mlik qismi xalqaro GDP (saqlash, olib kirish va realizatsiya qilish) sertifikatiga ega emasligi, shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Sertifikatlash organidan tegishli litsenziya olinmagan holda saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, omborda 30 turdagi 10 509 quti dori vositasining yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 263 million 921 ming so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, 3 turdagi 639 quti dori vositasi hamda 243 dona gel mahsulotlarining yaroqlilik muddatlari qalbakilashtirilgani aniqlangan.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xulosasiga ko‘ra, dorixona mansabdor shaxslari tomonidan dori vositalari litsenziyada ko‘rsatilmagan binoda saqlangan. Shuningdek, 10 turdagi dori vositalari uchun muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, 1 turdagi dori vositasi kontrafakt, 9 turdagi dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, 20 turdagi yaroqlilik muddati tugagan dori vositalari esa belgilangan tartibda yo‘q qilinmasdan saqlangan.

Aniqlangan qonunbuzarliklar sabab ushbu dori vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlash, tashish, sotish hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llash qat’iyan taqiqlanadi.

Hozirda dorixona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qaynoq24.uz Andijon viloyatida fermer xo‘jaligi yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.