O‘zbekistonda paxta klasterlariga 3 mln so‘mlik subsidiya beriladi. Sohaga oid yangi qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yilda o‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sischi bo‘lgan korxonalarga subsidiya ajratiladi. Bunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan taqdim etilgan konturlarda paxta xomashyosi yetishtirilgani Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Shunday holatlarda har bir gektar yer uchun 3 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Bu mablag‘lar paxta yetishtirish bilan shug‘ullangan klasterlar va ularning korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyungacha amalga oshirilgan bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari ham qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday loyihalar uchun bo‘yash uskunalarini xarid qilish xarajatlarini subsidiyalashga ajratilgan mablag‘larning qoldiq qismi hisobidan subsidiya beriladi.
Qarorda soliq ma’murchiligi bo‘yicha ham yengillik nazarda tutilgan. 2027-yil 1-iyulgacha tadbirkorlarning barqarorlik reytingi bo‘yicha “A” va undan yuqori toifaga kirgan klasterlar hamda to‘qimachilik korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi tekshiruvlarsiz 20 kun ichida qaytariladi.
Qaynoq24.uz qishloq xo‘jaligi subyektlariga sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratilishi haqida yozgan edi.


