O‘zbekistonda bir qator qimmatli qog‘ozlarni joriy etish rejalashtirilmoqda

Foto: Pexels
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda bir qator qimmatli qog‘ozlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda kapital bozorini rivojlantirish iqtisodiyotga uzoq muddatli mablag‘ jalb qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Taqdimotda o‘tgan oy mamlakat moliyaviy hayotida muhim voqea bo‘lgani qayd etildi. Ilk bor London va Toshkent fond birjalarida Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari birlamchi ommaviy joylashtirildi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyoti xorijiy sarmoya uchun ochiq va ishonchli maydonga aylanib borayotganini ko‘rsatgani ta’kidlandi.

Nima yangilanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xalqaro investorlarning O‘zbekiston kapital bozoriga qiziqishi ortib bormoqda. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar o‘z obligatsiyalarini milliy valyutada mahalliy fond bozorida chiqarishga qiziqish bildirmoqda.

Buning uchun zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, soliq imtiyozlari hamda biznes yuritishning ishonchli va shaffof muhitini shakllantirish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjatda xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan moliyaviy instrumentlarni O‘zbekiston bozoriga olib kirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, Xalqaro derivativlar va svoplar assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq, mamlakatda opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy vositalar joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, netting shartnomasi asosida bitimlar tuzish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qonun loyihasida islom moliyasi vositalarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekistonda ilk bor sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuki kabi islom moliyasi turlarini o‘z ichiga olgan “sukuk” qimmatli qog‘ozlarini chiqarish shartlari belgilanmoqda.

Taqdimotda qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari kengaytirilib, unga dividendlarni markazlashgan holda to‘lash va xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlari ochish huquqi berilmoqda.

Milliy korxonalar aksiyalarini xalqaro moliya bozorlariga joylashtirish va investorlarning aktivlarini himoya qilish maqsadida 10 dan ortiq qonun va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qaynoq24.uz xususiy kasbiy ta’limga 500 mlrd so‘m yo‘naltirilishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.