O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklashga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Yangi tizim tadbirkorlar uchun davlat organlari bilan munosabatlarni yanada ochiq va shaffof qilishga xizmat qiladi.
Endi tadbirkorlar o‘z faoliyat yuritadigan hududidagi mas’ul shaxslar haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi. Ular orasida tuman yoki shahar hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari ham bor. Shuningdek, tadbirkorlar ushbu shaxslar bilan maxsus chat orqali muloqot qilishi mumkin.
Tizim orqali o‘tkazilgan tekshiruvlar va rasmiy hisoblanmaydigan muloqotlar natijasida davlat xizmatchilarining xatti-harakatlariga baho berish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, tekshirish huquqi bo‘lmagan shaxslar haqida tadbirkorlar real vaqtda ogohlantiriladi.
2026-yil 1-avgustdan esa yangi tartiblar yanada kengaytiriladi. Davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi barcha muloqotlar maxsus tizimda hisobga olinadi. Bu nazorat tadbiri hisoblanmaydigan uchrashuvlar uchun ham amal qiladi. Shu bilan birga, “Biznes himoya” QR-kodi joriy etiladi. U orqali tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilayotgan barcha tekshiruvlar, jumladan jinoyat ishlari doirasidagi tekshiruvlar ham ro‘yxatga olinadi.
Qaynoq24.uz 10 mln so‘mdan ortiq aylanma ko‘rsatgan tadbirkorlar soni 84 mingtaga yetgani haqida yozgan edi.

