Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi neft narxlarining rekord darajagacha oshishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda ekspertlarga tayanib “Izvestiya” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSHning Rossiya va Eron neftini sotish bo‘yicha litsenziyalarni uzaytirmaslik qarori bozorga bosim o‘tkazmoqda. Bu holat taklif hajmini qisqartirishi va narxlarni yuqori darajada ushlab turishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, qisqa muddatda Brent nefti narxi $90–110 oralig‘ida qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga, vaziyat yomonlashsa, narx $120–140 gacha ko‘tarilishi mumkin. Eng keskin ssenariyda, ya’ni AQSH Eron hududida quruqlik operatsiyasini boshlasa, neft narxi $150–200 gacha chiqishi ehtimoli bor. Ayni paytda, muzokaralar muvaffaqiyatli kechsa, narxlar yana $100 dan pastga tushishi mumkinligi ham aytilmoqda.
Shu hafta AQSH tomonidan Moskva va Tehron neft eksportiga oid qarorlar e’lon qilingan. Rossiya esa bunday sanksiyalarga avvaldan tayyor bo‘lganini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida Rossiya neftiga talab oshgan. Ayniqsa, Osiyo davlatlari tomonidan xaridlar ko‘paygan. Shuningdek, aprel oyida neft-gaz tushumlari byudjetga sezilarli ravishda oshishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz AQSh tomonidan joriy etilgan dengiz blokadasi ortidan Eronn neft eksporti jiddiy bosim ostida qolgani haqida yozgan edi.

