Gruziya xorijdan ovoz berishni taqiqladi

Foto: Icma.az
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

Gruziya parlamenti saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni yakuniy tarzda tasdiqladi. Unga ko‘ra, xorijda yashayotgan Gruziya fuqarolari umumxalq saylovlarida faqat mamlakat hududida ovoz bera oladi. Bu haqda Gruziyaning SOVA internet nashri xabar berdi.

Yangi tartibga muvofiq, bundan buyon xorijiy davlatlarda saylov uchastkalari tashkil etilmaydi. Xuddi mahalliy saylovlar kabi, 2028-yilgi parlament saylovlari ham faqat Gruziya hududida o‘tkaziladi. Chet elda istiqomat qilayotgan fuqarolar ovoz berish uchun saylov kuni mamlakatga qaytishi lozim bo‘ladi.

Mazkur o‘zgartishlar tashabbuskorlaridan biri, parlamentning huquqiy masalalar qo‘mitasi raisi va “Gruziya orzusi” partiyasi vakili Archil Gorduladzening ta’kidlashicha, muxolifatning xorijdagi gruzin diasporasi saylov huquqidan mahrum etilayotgani haqidagi da’volari asossizdir. Uning aytishicha, fuqarolar ovoz berish huquqini saqlab qolmoqda, biroq uni faqat Gruziyada amalga oshiradi.

Rasmiylarga ko‘ra, ushbu qaror “tashqi aralashuvning oldini olish” maqsadida qabul qilingan. Gruziya parlamenti spikeri Shalva Papuashvili ham avvalroq xorijda yashayotgan fuqarolar boshqa davlatlarning siyosiy ta’siri ostida bo‘lishi mumkinligini va mamlakat ichidagi vaziyatdan yetarlicha xabardor emasligini bildirgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov tizimini faqat Gruziya hududida tashkil etish saylov jarayonining barqarorligini oshiradi, tashqi kuchlar ta’sirini kamaytiradi va saylovchilarning ongli tanlovini ta’minlaydi.

Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Gruziyadan tashqarida qariyb 1,5 million nafar fuqaro istiqomat qiladi.

Qaynoq24.uz Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchragani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.