“Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori 2025-yil 17-dekabr kuni qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti faoliyat boshlaydi. Institut nazariy fizikaning zamonaviy yo‘nalishlarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga qaratiladi.
Yangi institutda kvant maydon nazariyasi, subatom fizika, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar hamda dinamik tizimlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda ilmiy anjuman va seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Institut faoliyati doirasida oliy ta’lim muassasalaridagi iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishga jalb etish orqali yuqori salohiyatga ega yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, fizika sohasida rivojlangan davlatlarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari yuzasidan tahliliy ma’lumotlar tayyorlanadi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, Nazariy fizika institutiga mahalliy va xorijiy ilmiy tashkilotlar, jamg‘armalar hamda o‘quv muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shartnomalar tuzish huquqi beriladi. Shuningdek, institut davlat organlari va tashkilotlaridan ilmiy tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan statistik, tahliliy va boshqa ma’lumotlarni so‘rash hamda bepul olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qaynoq24.uz OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayoni 20-dekabrdan boshlanishi haqida yozgan edi.

