Beruniy tumanida tadbirkorlardan pul talab qilib kelgani aytilayotgan ikki fuqaro ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Beruniy tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda D.A. va A.Yu. ismli fuqarolar M.X.ga tegishli “U.Z.” oilaviy korxonasining savdo do‘konida xaridorga chek berilmagani yuzasidan “Soliq” mobil ilovasi orqali shikoyat qilmaslik evaziga 3 mln so‘m olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tekshiruv davomida D.A. tumanda faoliyat yurituvchi yana uch nafar tadbirkordan ham chek bermaslik holati bo‘yicha “Soliq” ilovasiga murojaat qilmaslik sharti bilan turli miqdorda pul undirib kelgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi, ya’ni tovlamachilik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Andijonda 38,3 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.


