Andijon viloyatida 38,3 mlrd so‘m budjet mablag‘lari “keshbek” sifatida talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bir guruh shaxslar o‘zaro til biriktirib, soxta elektron hisob-fakturalar orqali yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirgani fosh etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 5 ta MCHJga boshqa korxonalar tomonidan jami 2,2 trln so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng, go‘yoki savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani va mahsulotlar fuqarolarga sotilgani haqida xarid cheklari chiqarilgan.
Mazkur sxema orqali 94 921 nafar fuqaro hamda Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga “Soliq Mobile” ilovasi orqali “keshbek” to‘lab berilgandek ko‘rsatilgan. Natijada 38,3 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hamda 228-moddasi, ya’ni hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Janubiy Koreyaga ishga yuborishda firibgarlik fosh bo‘lgani haqida yozgan edi.


