O‘zbekistonda yo‘llarga o‘rnatilgan foto va video qayd etish qurilmalari hamda radarlarning ishlashi tekshirilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Tekshiruvlar respublikaning barcha hududlarida YHXX xodimlari tomonidan maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida olib borilmoqda.
Radarlar tezlikni to‘g‘ri qayd etyaptimi
YHXX ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv davomida radarlarning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi, avtomobil tezligini qayd etish aniqligi va qonuniy faoliyat yuritishi baholanmoqda.
Nazorat ishlari ijtimoiy tarmoqlarda ayrim radarlar haydovchilar tezligini belgilangan me’yordan yuqori qayd etayotgani va noqonuniy ishlayotgani haqidagi xabarlar fonida kuchaytirilgan.
Xizmat tekshiruvlardan maqsad fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, yo‘l harakati qoidalarini qo‘llashda qonuniylik va adolatni ta’minlash ekanini bildirdi.
Radarlar muntazam metrologik sinovdan o‘tkaziladi
Radarlarning aniq va barqaror ishlashini ta’minlash uchun ular O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda metrologik tekshiruv va sinovlardan o‘tkaziladi.
YHXXga ko‘ra, maxsus avtomobillar yordamida qurilmalarning texnik holati va tezlikni o‘lchashdagi aniqligi bevosita yo‘l sharoitida tekshiriladi.
Qonunbuzarlik aniqlansa choralar ko‘riladi
Tekshiruvlarda kamchilik yoki qonun buzilishi holati aniqlansa, tegishli mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
YHXX yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash faqat tartib-intizomga emas, balki radar va boshqa nazorat vositalarining xolis va qonuniy ishlashiga ham bog‘liqligini ta’kidladi.




