O‘zbekiston tranzitdan $600 mln daromad olishi mumkin

Foto: Prezident matbuot xizmati
Jonibek Juraqulov
5 Daqiqa o‘qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda mamlakatni Sharq va G‘arbni bog‘lovchi yirik quruqlik transport xabiga aylantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tranzit yuk hajmini 20 mln tonnagacha oshirish mumkin

Bugungi kunda O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘laklari o‘tadi. Mamlakatda 4,7 ming kilometr temir yo‘l tarmog‘i mavjud. Toshkent shahri, Navoiy va Namanganda transport-logistika markazlari hamda “quruqlik portlari” rivojlanmoqda. Navoiy aeroporti esa Yevroosiyo havo yo‘laklarida muhim kargo tuguni sifatida qayd etilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda O‘zbekiston mavjud imkoniyatlardan hali to‘liq foydalanmayotgani ta’kidlandi. Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yillik tovar aylanmasi $800 mlrd, yuk tashish hajmi esa 120–150 mln tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15–20 mln tonna xalqaro tranzit yukini qabul qila olsa, $400–600 mln qo‘shimcha daromad olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, bu yo‘nalishda logistika markazlari va terminallar qurilishiga $3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish, 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish mumkin. Bu iqtisodiyot o‘sishiga qo‘shimcha 1,5–2 foizlik sur’at berishi mumkinligi qayd etildi.

O‘zbekistonning ulushi hozircha 1–2 foizdan oshmayapti

2025-yilda O‘zbekiston orqali tranzit yuk tashish hajmi 15,3 mln tonnani tashkil etdi. Bu 2021-yilga nisbatan 54 foizga ko‘p. Shunga qaramay, mamlakatning umumiy tranzit aylanmasidagi ulushi hozircha 1–2 foizdan oshmayapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tahlillarga ko‘ra, chegara o‘tkazish punktlari soni ko‘p bo‘lsa-da, ularning aksariyati xalqaro yuklarni tezkor qabul qilish va rasmiylashtirish imkoniyatiga ega emas. Mamlakatda xalqaro talabga mos 27 ta logistika markazi mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 27,2 mln tonnani tashkil etadi. Biroq ulardan faqat bittasi yuqori toifaga ega.

Avtomatlashgan “A” toifadagi omborlar jami ehtiyojning 10–15 foizini qoplaydi. Zamonaviy muzlatkichli va bojxona omborlari yetishmayapti. Logistika markazlari asosan Toshkent shahri va uning atrofida joylashgani, konteynerlashtirish ulushi pastligi ham sohadagi asosiy muammolar qatorida tilga olindi.

O‘zbekiston eng qisqa quruqlik yo‘lagining bo‘g‘iniga aylanadi

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish va Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish mamlakatning mintaqaviy transport tizimidagi o‘rnini kuchaytirishi kutilmoqda. Ushbu loyihalar ishga tushsa, O‘zbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining muhim bo‘g‘iniga aylanadi.

Mazkur yo‘nalish an’anaviy yo‘nalishlarga nisbatan yuk tashish vaqtini 3 barobargacha qisqartirib, 8 kungacha tushirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali Hind okeaniga, qariyb 2 mlrd aholi yashaydigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun tezkor yo‘l ochiladi.

Olti hudud logistika yo‘nalishiga ixtisoslashtiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish taklif etildi.

Xonobod shahri “Xitoy yo‘li darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa, Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron yo‘laklariga xizmat qiladi. Angren shahri, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tranzit hamda tashqi savdo yuklarini oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantiriladi.

Olot tumani “O‘rta yo‘lak darvozasi”, Termiz tumani esa “Transafg‘on yo‘lagi darvozasi” sifatida ixtisoslashadi. Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili $200 mln imtiyozli va kam foizli kredit liniyalarini yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Logistika markazlari raqamlashtiriladi

Taqdimotda logistika markazlarida terminallarni boshqarish va omborni boshqarish tizimlarini joriy etish, ularni “E-logistika” platformasiga integratsiya qilish taklif qilindi. Shuningdek, avtotransport vositalarini onlayn kuzatish, davlat raqamlarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Chegara o‘tkazish punktlarida “yagona to‘xtash” tamoyilini joriy qilish orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etildi. Xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun logistika markazlariga zamonaviy uskunalar, omborxona va yuk ortish-tushirish texnikalarini olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlash talablarini yengillashtirish taklif etildi.

Prezident transport-logistika tizimi mamlakat eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi va hududlar rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Mutasaddilarga xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qaynoq24.uz O‘zbekistonda yana 8 ta yirik IT park qurilishi boshlanishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.