2025-yil noyabr oyida Rossiya Xitoyga tarixda ilk bor eng katta hajmda oltin yetkazib berdi. Bu haqda RIA Novosti Xitoy bojxona xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyida Rossiyadan Xitoyga eksport qilingan oltin qiymati 961 million AQSh dollarini, ya’ni 818,6 million yevroni tashkil etgan. Bu Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi oltin savdosi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Oktyabr oyida ham yetkazib berish hajmi yuqori bo‘lib, u 930 million dollarga teng bo‘lgan.
Umuman olganda, 2025-yilning dastlabki 11 oyida Xitoy Rossiyadan 1,9 milliard dollarlik oltin import qilgan. Shu bilan birga, yanvar–sentyabr oylarida yetkazib berish hajmi atigi 9 million dollarni tashkil etgani qayd etilmoqda. Bu eksportning asosiy qismi yilning oxirgi choragiga to‘g‘ri kelganini ko‘rsatadi.
Taqqoslash uchun, 2024-yil oktyabr va noyabr oylarida Rossiyadan Xitoyga oltin umuman eksport qilinmagan. O‘sha yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 223 million dollar bilan cheklangan edi.
Biroq ushbu raqamlar Bloomberg ilgari keltirgan ma’lumotlar bilan qisman tafovut qiladi. Agentlik yozda Rossiyaning qimmatbaho metallari Xitoyga eksporti 2025-yilning birinchi yarmida deyarli ikki baravar oshib, 1 milliard dollarga yetganini bildirgan. Bloomberg bu o‘sishni oltinning rekord narxlari va Xitoy ichki bozoridagi yuqori talab bilan izohlagan, biroq ushbu summada aynan oltinning ulushi aniqlashtirilmagan.
Qaynoq24.uz Xitoyda nemis “Boxer” BTR’iga o‘xshash yangi bronetransporter paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.

