Samsung Galaxy S25 FE kamera sifati bo‘yicha DxOMark reytingida sust natija ko‘rsatdi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, smartfon hatto bir necha yil avval taqdim etilgan modellardan ham ortda qolgan.
DxOMark testlari yakuniga ko‘ra, Galaxy S25 FE 118 ball to‘plagan va umumiy reytingda 123-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich uni 2021-yilda chiqqan iPhone 13, iPhone 12 Pro Max hamda 2022-yilgi Pixel 6a’dan pastroq pog‘onaga tushirib qo‘ygan. Mazkur qurilmalar DxOMark’da 122 ball bilan yuqoriroq natija qayd etgan.
Smartfon 50 megapikselli asosiy kamera, 12 MP ultra keng burchakli modul hamda 3 karra optik zumga ega 8 MP telekamera bilan jihozlangan. Biroq DxOMark tahliliga ko‘ra, sensorlarning kichik o‘lchami umumiy surat sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Yaxshi yorug‘lik sharoitida asosiy kamera ranglar va ekspozitsiyani qoniqarli uzata oladi. Ammo ultra keng va telekamera rejimlariga o‘tilganda sifat sezilarli darajada pasayadi. Hatto yorug‘ muhitda ham surat va videolarda shovqinlar kuzatiladi.
Video yozuvlarda HDR ishlashi barqaror emas. Ayrim sahnalar qorong‘i chiqadi, oq rang balansi esa beqaror bo‘lib, pushti rang og‘ishlari paydo bo‘ladi. Portret suratlarda mayda detallar yo‘qoladi, harakatli sahnalarda esa artefaktlar ko‘zga tashlanadi.
DxOMark mutaxassislarining fikricha, bu kamchiliklar dasturiy ta’minotdan ko‘ra ko‘proq apparat cheklovlari bilan bog‘liq. Shu sababli, ushbu narx segmentida kamera sifati muhim bo‘lgan foydalanuvchilarga Xiaomi 15, Xiaomi 14T yoki Google Pixel 10 kabi muqobil modellar tavsiya etilmoqda.
Qaynoq24.uz eng arzon Samsung smartfonlari haqida yozgan edi.

