O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar uchun yakuniy xulosa berish muddati 50 kungacha qisqartiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar bermoqda.
Bunda vakolatli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqish uchun 20 kun, jamoatchilik muhokamasi uchun 10 kun, adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish uchun esa 20 ish kuni belgilanishi nazarda tutilgan. Ushbu o‘zgarishlar qonunning 2028-yil 1-yanvargacha amal qilish muddati inobatga olingan holda taklif etilmoqda.
Shuningdek, amaliyotda huquqni e’tirof etishga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolardan biri soliq va majburiy to‘lovlar masalasi ekani ta’kidlangan. Hozirda 243 mingdan ortiq obyekt bo‘yicha soliq qarzdorligi mavjud bo‘lib, ular amaldagi qonun doirasida rasmiylashtirib bo‘lmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan bir qator yengilliklar taklif qilinmoqda. Jumladan, agar soliq qarzi bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasa, ya’ni 12,3 million so‘mdan yuqori bo‘lmasa, huquqni e’tirof etish imkoniyati yaratiladi. Bir martalik to‘lov 20 ish kuni ichida amalga oshirilgan taqdirda 50 foizlik chegirma berilishi, shuningdek, to‘lovlarni bir yildan uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qaynoq24.uz bojxona bo‘yicha taqiq va cheklovlar uch oy oldin e’lon qilingani haqida yozgan edi.

