2025-yilda smartfon bozori nihoyatda jonlandi, flagmanlar, o‘rta sinf va byudjet segmentlarida ko‘plab qurilmalar taqdim etildi. Biroq hamma ham kutganidek natija bera olmadi. Biz quydagi maqolada yil davomida e’tibor qozona olmagan 2025-yilning omadsiz smartfonlari va ularning sabablarini ko‘rib chiqamiz.
Samsung Galaxy S25 FE
Galaxy S25 FE dizayn jihatidan S seriyasi uslubini davom ettiradi. AMOLED displey, 120 Hz yangilanish tezligi, uch kamerali tizim va tezkor quvvatlashni qo‘llaydi. Yangi avlod Exynos chipi energiya tejamkor bo‘lishi aytilgan, qurilmada 4500–4800 mAh atrofida batareya qo‘llanilgan. Kamera imkoniyatlari portret va tungi suratga olishda yaxshi natija ko‘rsatishi ta’kidlangan.

Shunga qaramay, model kutilgan “xalq flagmani” darajasiga chiqa olmadi. Foydalanuvchilar Snapdragon o‘rniga Exynos tanlanganidan norozilik bildirdi, kamera natijalari raqobatchilar fonida sezilarli ustunlik bermadi. Narx esa yuqoriroq bo‘lib, imkoniyatlar balansida o‘ziga xos farq ko‘rinmadi. Natijada FE liniyasidan kutilgan shov-shuvli sotuv qayd etilmadi.
Xiaomi 15 Lite
Xiaomi 15 Lite 6.7 dyuymli AMOLED ekranga, o‘rta sinfga mos protsessorga, 67W tez quvvatlashga ega bo‘lgan. Kamera konfiguratsiyasi 50 MP asosiy modul va keng burchak sensori bilan ta’minlangan. Qurilma dizayn jihatdan engil, korpusi qulay, MIUI asosidagi HyperOS interfeysi bilan kelgani ko‘pchilikka yoqqan.

Ammo segmentdagi raqobat juda kuchli bo‘lgani sabab Lite modeli fon orasida yo‘qolib ketdi. Xuddi shu narxda Realme, Vivo yoki Honor telefonlari yaxshiroq kamera va yuqori quvvatlash tezligini taklif qila olgan. Xiaomi bu modelga sezilarli yangilik qo‘shmagani uchun foydalanuvchilar uni tez unutdi, savdo esa kutilgan natijaga chiqmagan.
Honor X60
Honor X60 katta ekranli, 120 Hz yangilanish tezlikdagi OLED displey, o‘rta sinfga mos protsessor va 66W tez quvvatlashga ega. Kamera tizimi uch linzadan iborat bo‘lib, AI yordamida tasvirni ishlash mexanizmlari taklif etilgan. Avtonomiya yaxshi, interfeys silliq ishlashi ham afzallik deb ko‘rilgan.

Lekin real tajribada kamera barqaror ishlashi yo‘lga qo‘yilmagani, video stabilizatsiya yetarli emasligi tanqidga uchradi. Marketing kuchli bo‘lgan bo‘lsada, amalda raqobatchilardan ustunlik ko‘rsatolmadi. AI funksiyalari e’tibor tortgan bo‘lsa-da, amaliy farq katta bo‘lmagani modelning omma orasida tez sovib qolishiga sabab bo‘ldi.
OnePlus Nord 5
OnePlus Nord 5 tezkor ekran, 50 MP asosiy kamera va yangi OxygenOS bilan ta’minlangan. Qurilma yengil, qulay ushlanadi, umumiy dizayn zamonaviy ko‘rinishda bo‘lgan. Zaryadlash tezligi ham yaxshi, protsessor esa o‘rta sinf uchun maqbul kuchga ega.

Shunga qaramay, oldingi Nord modellari kabi kuchli shov-shuv qayd etilmadi. Kamera natijalari raqib brendlar darajasida bo‘lmadi, ayniqsa tungi rejimda farq sezildi. Protsessor unumdorligi ham raqobatchilar bilan solishtirganda pastroq baholandi. Narx segmentida kuchli alternativalar ko‘pligi Nord 5’ni soyada qoldirdi.
Google Pixel 9a
Pixel 9a ixcham korpus, toza Android va kuchli AI fotografiya imkoniyatlarini taklif etadi. Tensor chipi yangilangan, displey yorqinligi o‘rtacha darajada, kamera Google’ga xos toza rang uzatishi bilan ajralib turadi. Qurilma ko‘pchilik uchun yaxshi muvozanatli variant sifatida ko‘rilgan.

Ammo flagman sifatidagi tajribani to‘liq bera olmadi. Batareya kichikroq bo‘lib, tez zaryadlash raqiblar darajasida emas, ekran yorqinligi esa ko‘p foydalanuvchilar uchun past ko‘ringan. Tensor chipi samaradorlik borasida Qualcomm raqobatchilaridan ortda qoldi, narxi esa funksionalga nisbatan baland baholandi.
Qaynoq24.uz eng omadsiz Smartfonlari haqida yozgan edi.

