10 000 mA/soatdan ortiq batareyaga ega Honor Power 2 smartfoni ilk bor sinovdan o‘tdi. Bu haqda Xitoyning ITHome nashri ma’lum qildi.
Insayder Digital Chat Station Honor Power 2 smartfonining Geekbench test natijalari va texnik tafsilotlarini oshkor qildi. Qurilma sakkiz yadroli protsessor bilan jihozlangan bo‘lib, unda 3,4 gigagerts chastotada ishlovchi bitta yadro, 3,2 gigagertsli uchta va 2,2 gigagertsli to‘rtta yadro mavjud. Grafikasi sifatida Mali-G720 MC8 qo‘llanadi.
Geekbench natijalariga ko‘ra, smartfon bir yadroli sinovda qariyb 1700 ball, ko‘p yadroli testda esa 6500 ball olgan. Ushbu ko‘rsatkichlar qurilmaning MediaTek Dimensity 8400 platformasiga teng quvvatga ega bo‘lishi mumkinligini bildiradi.

Honor Power 2’ning asosiy o‘ziga xos tomoni — rekord darajadagi batareya sig‘imi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Win versiyasi 10 000 mA/soat akkumulyator, Power modeli esa 10 080 mA/soat batareya bilan taqdim etiladi. Bu uni bozordagi eng katta sig‘imli smartfonlardan biriga aylantiradi.
Ta’kidlanishicha, Honor Power 2 2026-yil yanvar oyida namoyish etilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Honor’ning eng yaxshi smartfonlari haqida yozgan edi.

