Apple kompaniyasi tomonidan ultra yupqa iPhone Air 2 smartfoni yaqinda taqdim etiladi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qurilma birinchi avlod modelidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etishi mumkin.
Bloomberg jurnalisti Mark Gurman ma’lumotiga ko‘ra, Apple ichki V62 kod nomiga ega ikkinchi avlod iPhone Air’ni tayyorlamoqda. Smartfon 2027-yil bahorida taqdim etilishi mumkin. Insayder Digital Chat Station esa iPhone Air 2 2027-yilning birinchi choragida e’lon qilinishini bildirmoqda.
Yangi model avvalgi ultra yupqa dizayn uslubini saqlab qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga, qurilma muhim texnik yangilanishlarga ega bo‘lishi mumkin. Eng asosiy o‘zgarishlardan biri ultra keng burchakli ikkinchi kameraning qo‘shilishi bo‘ladi.
Hozirgi iPhone Air bitta 48 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlangan. Bu esa yanada ko‘proq foto imkoniyatlarini kutgan foydalanuvchilar tomonidan tanqid qilingan edi. iPhone Air 2’ga ikkinchi 48 megapikselli obyektiv qo‘shilishi modelni standart iPhone liniyasiga yaqinlashtiradi, biroq Pro versiyalardan farq saqlanib qoladi.
Apple yangi avlod Air modelida batareya ishlash vaqtini ham yaxshilashni rejalashtirmoqda. Bu kattaroq akkumulyator, ichki tuzilma o‘zgarishi yoki energiya samaradorligi oshirilishi hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
iPhone Air 2 Apple A20 Pro chipi bilan jihozlanishi aytilmoqda. Ushbu protsessor iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellarida ham qo‘llanishi kutilmoqda. Bu esa ultra yupqa smartfonga flagman darajasidagi ishlash quvvatini berishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple iPhone taqdimot strategiyasini ham o‘zgartirmoqda. iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max va ilk buklama iPhone 2026-yil oxirida, standart iPhone 18, iPhone 18e hamda iPhone Air 2 esa bir necha oy o‘tib taqdim etilishi mumkin.
Qaynoq24.uz iPhone 20 smartfoni haqida ilk ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.


