Redmi kompaniyasi kelasi oy Redmi Note 17 seriyasiga mansub yangi smartfonni taqdim etishi mumkin. Insayder ma’lumotlariga ko‘ra, qurilmaning asosiy ustunligi katta sig‘imli batareya bo‘ladi.
Avvalroq Redmi Xitoyda byudjet segmentiga mo‘ljallangan Redmi 17C 4G modelini jimgina taqdim etgan edi. Endi kompaniya sentyabr yoki oktyabr oyida kutilayotgan Redmi K100 seriyasidan oldin Note liniyasidagi bir nechta o‘rta toifa smartfonlarni chiqarishi taxmin qilinmoqda.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi Note 17 seriyasidagi modellardan biri 9000 mA·soat atrofidagi akkumulyator bilan jihozlanadi. Smartfon amaliy foydalanishga qaratilgan bo‘lib, katta batareyadan tashqari 1,5K aniqlikdagi tekis displey, baland ovozli ikkita karnay va yuqori darajadagi chidamlilikka ega bo‘lishi aytilmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, qurilma flagmanlarga xos suvdan himoya va tushib ketishga chidamlilik imkoniyatlarini ham oladi. Bu Redmi’ning o‘rta segmentdagi modellarda ham mustahkamlik va uzoq avtonom ishlashga ko‘proq urg‘u berayotganini ko‘rsatadi.
Smartfon energiya tejamkor Snapdragon 6 seriyali chipsetda ishlashi kutilmoqda. Aniq protsessor nomi aytilmagan, biroq bu Snapdragon 6 Gen 5 bo‘lishi mumkin. May oyida ushbu chip taqdim etilganda, Redmi smartfonlaridan biri uni birinchilardan bo‘lib olishi ma’lum qilingan edi.
Shu bilan birga, Redmi yanada katta batareyali model ustida ham ishlayotgani aytilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega qurilma Redmi Note 17 Pro Max bo‘lishi mumkin.
Uning Xitoyda avgust yoki sentyabr oyida taqdim etilishi taxmin qilinmoqda.
Bundan tashqari, kompaniya Redmi K90 seriyasidagi yana bir model — Redmi K90 Ultra ustida ham ishlayotgani aytilmoqda. Ushbu smartfon Snapdragon 8 Elite chipseti, 8500 mA/soat batareya, 100 Vt quvvatlash va ichki havo sovitish ventilyatori bilan chiqishi mumkin.
Hozircha Redmi Note 17 seriyasidagi 9000 mA/soat batareyali model bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan. Qurilmaning aniq nomi, narxi va taqdimot sanasi kompaniya e’lonidan keyin ma’lum bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Redmi 17C 4 GB tezkor xotira bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.


