O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati qonun bilan belgilandi. Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari va bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida belgilanmoqda. Ular orasida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi qilmishlar bor.
Shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyat ham, agar u korrupsiyaga oid jinoyatlar natijasida olingan daromadlarni qonuniylashtirish bilan bog‘liq bo‘lsa, ushbu toifaga kiritiladi.
Qonunda jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha ham cheklov belgilanmoqda.
Endilikda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda firibgarlik uchun hukm qilingan va jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga bunday yengillik qo‘llanilmaydi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi va o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi ruxsat etilgan tafovut bo‘yicha belgilangan talabni buzgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha jarima solinadi. Bunda talon-toroj qilish holatlari bundan mustasno etib belgilanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu tuzilmalar davlat idoralarida korrupsion xavflarni kamaytirish, qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ichki tartiblarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qaynoq24.uz davlat korxonalarida ayrim funksiyalar autsorsing asosida tashkil etilishi haqida yozgan edi.


