Xiaomi Xitoyda yangi flagman modeli Xiaomi 17 Ultra modelini taqdim etdi. Smartfon bilan birga fotografiya ixlosmandlari uchun alohida Leica Edition ham namoyish qilindi.
Yangi flagman 6,9 dyuymli OLED LTPO displeyga ega bo‘lib, 2608×1200 pikselli aniqlik va 1–120 Hz adaptiv yangilanish chastotasini taklif etadi. Ekran maksimal 3500 nit yorqinlikka chiqadi, HDR10+ va Dolby Visionni qo‘llaydi. Qurilma HyperOS 3.0 bilan ishlaydi va Apple ekotizimi bilan qurilmalarni o‘zaro boshqarish funksiyasini olgan.

Smartfon yuragida Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipseti ishlaydi. Xiaomi sovitish tizimini ikki halqali suyuqlik nasosi bilan takomillashtirganini aytmoqda. Asosiy e’tibor kamera blokiga qaratilgan — bosh kamera 1 dyuymli Leica Light Fusion 1050L sensori bilan 50 MP ruxsatda suratga oladi. Telefoto modul 200 MP uzluksiz optik zoomga ega bo‘lib, 75–100 mm oralig‘ida yo‘qotishsiz zoomni qo‘llaydi, 400 mm gacha raqamli kengayish mavjud. Ultra-keng modul 50 MP, old kamera esa 50 MP bo‘lib, 4K 60fps yozuvni qo‘llaydi.

17 Ultra 6800 mA/soat sig‘imli Jinshajiang batareyasi bilan jihozlangan — bu Ultra seriyasidagi eng katta ko‘rsatkich. Tez zaryadlash 90 Vt simli va 50 Vt simsiz rejimni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada Wi-Fi 7, USB-C 3.2 Gen 2, Dolby Atmos, ultratovushli barmoq izi skaneri va IP66/IP68/IP69 himoyasi mavjud.
Leica Edition modeli vizual va funksional jihatdan farqlanadi — Leica klassik dizaynida, orqa qopqoqda qizil nuqta belgisi bilan keladi. Unda maxsus Master Zoom Ring mavjud bo‘lib, fokus masofasi, ekspozitsiya va balansi mexanik boshqarishga imkon beradi. Shu versiya Leica rang simulyatsiyalari va M-seriyaga xos foto rejimlari bilan jihozlangan. To‘plamga Leica uslubidagi lens qopqog‘i, g‘ilof va tozalash matosi ham kiradi.

Narxlar:
Xiaomi 17 Ultra:
- 12/512 GB — 6999 yuan (~$980)
- 16/512 GB — 7499 yuan (~$1050)
- 16/1 TB — 8499 yuan (~$1190)
Leica Edition:
- 16/512 GB — 7999 yuan (~$1120)
- 16/1 TB — 8999 yuan (~$1260)
Smartfonlar 2025-yil 27-dekabrdan Xitoyda savdoga chiqishi rejalashtirilgan.
Qaynoq24.uz Xiaomi 17 Ultra smartfoni qanday kamera bilan chiqishi haqida yozgan edi.

