Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh prezidenti Donald Trampni Grenlandiyani AQSh tarkibiga qo‘shish haqidagi bayonotlari sabab keskin tanqid qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Uning aytishicha, bunday tahdidlar mutlaqo asossiz va qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir.
Frederiksen Daniya hukumati saytida e’lon qilingan bayonotida AQShga juda bevosita murojaat qilganini ta’kidladi. U AQShning Daniya qirolligiga kiruvchi uch hududdan birortasini ham anneksiya qilishga haqqi yo‘qligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Daniya va Grenlandiya NATO a’zosi bo‘lib, alyansning xavfsizlik kafolatlari bilan himoyalangan.
Bosh vazir Daniya allaqachon AQSh bilan Grenlandiyadan foydalanish imkonini beruvchi mudofaa kelishuviga ega ekanini eslatdi. Shuningdek, Daniya Arktika mintaqasida xavfsizlikka ajratilayotgan mablag‘larni oshirganini qayd etdi.
“Men AQShni tarixan yaqin ittifoqchiga va o‘z kelajagini mustaqil belgilashini aniq bildirgan boshqa bir xalq va davlatga nisbatan tahdidlarni to‘xtatishga chaqiraman”, — ta’kidlagan Frederiksen.
Ushbu bayonot AQSh prezidenti maslahatchisi Stiven Millerning rafiqasi, siyosiy sharhlovchi Katie Miller Grenlandiya xaritasini AQSh bayrog‘i ranglarida “SOON” yozuvi bilan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilganidan keyin yangradi.
Oradan bir necha soat o‘tib, Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga Grenlandiya masalasida o‘z pozitsiyasini yana takrorladi. U AQSh milliy xavfsizligi nuqtayi nazaridan Grenlandiyaga ehtiyoj borligini va Daniya bu vazifani bajara olmasligini aytdi.
Avvalroq Daniyaning AQShdagi elchisi ham ushbu postga munosabat bildirib, ikki davlat ittifoqchi ekanini eslatgan va Daniya o‘z hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatilishini kutishini ta’kidlagan.
Grenlandiya 1979-yildan buyon keng avtonomiyaga ega bo‘lib, mudofaa va tashqi siyosat masalalari Daniya vakolatida qolmoqda. Aholisi qariyb 57 ming kishini tashkil etadigan orolda mustaqillik tarafdorlari ko‘p bo‘lsa-da, so‘rovlar Grenlandiyaliklarning AQSh tarkibiga qo‘shilishiga keskin qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.
Qaynoq24.uz Daniya deputati AQSh shtatlarini sotib olish haqida hazil qilgani haqida yozgan edi.

