Xitoy Yaponiyaga ikki maqsadli mahsulotlar eksportini taqiqladi. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligi bayonot berdi. Qaror Tayvan masalasi fonida mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda qabul qilindi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, cheklovlar Yaponiya harbiy tuzilmalari yoki mamlakatning harbiy salohiyatini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yakuniy foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan mahsulotlarga tatbiq etiladi. Taqiq talablarini buzgan jismoniy yoki yuridik shaxslar, millatidan qat’i nazar, qonuniy javobgarlikka tortilishi ta’kidlandi.
Xitoy tomoni qaysi aniq mahsulotlar cheklovga tushganini ochiqlamadi. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, dronlar, navigatsiya tizimlari va ayrim yuqori texnologiyali qurilmalar harbiy maqsadlarda moslashtirilishi mumkin. Yaponiya rasmiylari hozircha ushbu qarorga izoh bermadi.
So‘nggi oylarda Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar Tayvan masalasi fonida keskinlashib bormoqda. Pekin Tayvanni o‘z hududining ajralmas qismi deb hisoblaydi. Taranglik o‘tgan yil oxirida Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Xitoy Tayvan bo‘yicha harbiy harakat boshlasa, Yaponiya armiyasi aralashishi mumkinligini bildirganidan keyin kuchaygan.
Qaynoq24.uz Xitoy Yaponiyani ogohlantirgani haqida yozgan edi.

