Endi mahallalar mas’ul rahbarlarga nomma-nom biriktiriladi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi. Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan yangi tizim joriy etilmoqda.
Qarorga ko‘ra, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va manzilli ishlashni kuchaytirish maqsadida 2026 yilda hududlar mas’ul rahbarlar hamda muassasalarga nomma-nom biriktiriladi. Xususan, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalar tuman va shahar hokimlari, prokurorlari hamda ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari mas’uliyatiga yuklatiladi.
Besh yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalar Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi ichki ishlar organlari rahbarlari va hokim o‘rinbosarlariga biriktiriladi. Uch yildan beri “qizil” toifada bo‘lib kelayotgan mahallalar esa huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlari zimmasiga topshiriladi.
Shuningdek, kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan tuman va shaharlar viloyat darajasidagi prokurorlar hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlari mas’uliyatiga beriladi. Ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar jinoyatchiligi hamda nizoli oilalar ulushi eng yuqori bo‘lgan mahallalar esa viloyatlar darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash hamda adliya boshqarmalari rahbarlariga biriktiriladi.
Mazkur qaror mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish, xavfsiz muhitni ta’minlash va mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga qaratilgani bilan izohlanmoqda.
Qaynoq24.uz davlat budjeti daromadlarini prognozlash tartibi o‘zgargani haqioda yozgan edi.

