Filippinning janubi-sharqiy qismida joylashgan Mayon vulqonida faollik kuchaygani sababli minglab aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, vulqon atrofidagi xavf ortib borayotgani tufayli kamida 3 ming kishi evakuatsiya qilingan.
Mayon vulqoni Luzon orolining janubi-sharqida joylashgan bo‘lib, Legazpi shahri ustidan hukmron manzarani hosil qiladi. U shaklining mukammal simmetriyasi sabab dunyodagi eng mukammal vulqon konusi sifatida tanilgan. Vulqon dengiz sathidan 2 462 metr balandlikka ko‘tarilgan bo‘lib, poydevori taxminan 130 kilometr atrofida.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Mayon Yer yuzidagi eng faol vulqonlardan biri hisoblanadi. Tarixiy manbalarda 1616-yildan buyon kamida 30 marotaba otilish qayd etilgan. Eng vayronkor portlashlardan biri 1814-yilda sodir bo‘lib, Kagsava shaharchasi butunlay kul ostida qolgan va taxminan 1 200 kishi halok bo‘lgan.
So‘nggi o‘n yilliklarda ham Mayon bir necha bor xavf tug‘dirgan. Xususan, 1993-yilgi otilish oqibatida 79 kishi vafot etgan. 2000, 2006, 2009, 2014 va 2018-yillardagi faollik esa o‘n minglab odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qilgan. 2006-yilda esa “Durian” tayfuni sabab yuzaga kelgan sel va loy oqimlari vulqon etaklarida mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan.
Mayon vulqoni hozirda Mayon milliy bog‘i hududida joylashgan bo‘lib, sayyohlar va tog‘ga chiqishni xush ko‘ruvchilar orasida mashhur. Shu bilan birga, mutaxassislar vulqon atrofida yashovchi aholini ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
Rasmiylar vaziyatni doimiy kuzatuv ostiga olganini va faollik kuchaygan taqdirda evakuatsiya hududi kengaytirilishi mumkinligini bildirmoqda.
Qaynoq24.uz Filippindagi Taаl vulqoni yana otilgani haqida yozgan edi.

