Malayziya va Indoneziya rasmiylari Ilon Maskga tegishli X platformasidagi Grok sun’iy intellekt chat-botini bloklashga qaror qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Bunga Grok orqali jinsiy mazmundagi soxta tasvirlar, jumladan deepfake rasmlar yaratilayotgani sabab bo‘lgan.
Grok foydalanuvchilarga tasvirlar yaratish imkonini beradi. So‘nggi paytlarda ushbu vosita real odamlarning suratlarini ochiq-sochiq holatda aks ettiruvchi montajlar qilishda ishlatilayotgani aniqlangan. Rasmiylar bu holat ayollar va bolalarga nisbatan roziliksiz pornografik kontent tarqalishiga olib kelayotganini bildirdi. Malayziya va Indoneziya Grok’ni rasman taqiqlagan dunyodagi ilk davlatlar bo‘ldi.
Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi X platformasiga ilgari bir necha bor ogohlantirish yuborganini ma’lum qildi. Regulyatorga ko‘ra, Grok zararli kontent yaratishda muntazam suiiste’mol qilingan, biroq X kompaniyasi platforma dizaynidagi xavflarni bartaraf etish o‘rniga faqat shikoyat mexanizmlariga e’tibor qaratgan. Natijada Grok samarali himoya choralari joriy etilmaguncha bloklanishi aytildi.
Indoneziya aloqa va raqamli masalalar vaziri Meutya Xofid Grok orqali jinsiy mazmundagi tasvirlar yaratishni inson huquqlari va inson qadr-qimmatining buzilishi deb baholadi. Indoneziya hukumati X platformasidan Grok’dan foydalanish bo‘yicha rasmiy tushuntirish berishni talab qildi. Avvalroq mamlakatda OnlyFens va Pornxab kabi platformalar ham taqiqlangan edi.
Indoneziyada ayrim foydalanuvchilar o‘z suratlari Grok orqali soxtalashtirilganini bildirib, norozilik bildirgan.
Qaynoq24.uz ayrim chatbotlar o‘z joniga qasd mavzusida xavfli maslahatlar bergani haqida yozgan edi.

