Donald Tramp Eron bilan savdo qiluvchi bir qator davlatlarga 25 foizlik boj joriy etdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Qaror darhol kuchga kirgani aytildi.
Donald Tramp Eron bilan tijoriy aloqada bo‘lgan davlatlar AQShga eksport qiladigan mahsulotlarga 25 foizlik boj solinishini bildirdi. U qarorni yakuniy va o‘zgarmas deb atagan.
Oq uy bojlar qaysi davlatlarga va qaysi mahsulotlarga nisbatan qo‘llanishi haqida batafsil ma’lumot bermadi. Shu bois yangi cheklovlardan kimlar ko‘proq zarar ko‘rishi hozircha noma’lum.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning eng yirik savdo hamkori Xitoy hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinlarda Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Hindiston turadi.
Yangi bojlar Eronda uchinchi haftaga kirgan hukumatga qarshi namoyishlar fonida joriy etildi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt harbiy variantlar, jumladan, havo zarbalari hamon “ko‘rib chiqilayotganini” aytdi.
Namoyishlarga Eron milliy valyutasi riyolning keskin qadrsizlanishi sabab bo‘ldi. AQShda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi deyarli 500 nafar namoyishchi va 48 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lganini tasdiqlagan. BBC manbalariga ko‘ra, qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.
Donald Tramp yakshanba kuni eronlik rasmiylar muzokara uchun bog‘langanini aytdi. Shu bilan birga, u uchrashuv bo‘lishidan oldin ham choralar ko‘rilishi mumkinligini ta’kidladi.
Eron yadroviy dasturi sabab joriy etilgan xalqaro sanksiyalar mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba bergan. So‘nggi bir yil ichida riyol rekord darajada qadrsizlandi. Inflyatsiya 40 foizdan oshib, oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin ko‘tarildi.
Qaynoq24.uz Eron AQSh hujumi bo‘lsa, javob qaytarishini bildirgani haqida yozgan edi.

