Isroil Bayrutga berilayotgan zarbalarni kengaytirish bo‘yicha AQShdan rozilik so‘radi. Bu haqda The Jerusalem Post vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning yuqori martabali rasmiylari amerikalik hamkasblariga murojaat qilgan. Ular Isroil mudofaa armiyasiga Bayrutdagi amaliyotlarni kengaytirishga ruxsat berilishini so‘ragan.
Manbalarga ko‘ra, Tel-Aviv Vashingtondan ijobiy javob kutmoqda. Bunga AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda, shuningdek, Isroil va Livan o‘rtasidagi muloqotda sezilarli siljish yo‘qligi sabab sifatida ko‘rilmoqda.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu armiya harakatlarini Livanda kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. U videomurojaatida operatsiya «Hizbulloh» harakatiga qarshi olib borilayotganini bildirgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Netanyaxu 1-iyun kuni Bayrutning janubiy chekkalaridagi nishonlarga zarba berishni buyurgan. Bu hudud «Hizbulloh» ta’siri kuchli bo‘lgan joylardan biri hisoblanadi. So‘nggi kunlarda Isroil armiyasi Livan janubidagi Bofor qal’asini ham egallaganini ma’lum qildi. Netanyaxu bu holatni «Hizbulloh»ga qarshi kampaniyada keskin burilish deb atagan.
Fransiya esa vaziyat keskinlashgani sabab BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni so‘radi. Diplomatik manbalarga ko‘ra, Livan bo‘yicha yig‘ilish 1-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
AQSh vositachiligida Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv aprel oyida e’lon qilingan edi. Biroq so‘nggi voqealar bu kelishuv amalda zaiflashganini ko‘rsatmoqda.
Axios xabariga ko‘ra, Vashington Livanda vaziyatni yumshatishga urinmoqda. Ammo Isroil Bayrutga kengroq zarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani bu jarayonni murakkablashtirmoqda. Hozircha AQSh Isroil so‘roviga qanday javob bergani rasman ma’lum qilinmadi.
Qaynoq24.uz Isroil Livandagi Bovfort qal’asini egallagani haqida yozgan edi.


