Bangladesh tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmon BMT Bosh Assambleyasining yangi raisi etib saylandi. U bu lavozimda Germaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘rnini egallaydi.
Saylov 2-iyun kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tdi. Rahmon nomzodini 99 davlat vakili qo‘llab-quvvatladi. Uning raqibi, kiprlik diplomat Andreas Kakuris 91 ovoz oldi. 72 yoshli Xalilur Rahmon BMT Bosh Assambleyasiga sentabrdan raislik qila boshlaydi. Uning vakolat muddati bir yil davom etadi.
Rahmon 2026-yil fevral oyidagi saylovlardan keyin Bangladesh tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan. Bungacha BMT Bosh Assambleyasiga Annalena Berbok raislik qilgan. U bu lavozimni 2025-yil sentabrdan beri bajarib kelmoqda. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rahmonni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. U yangi rais ish boshlaydigan davrda dunyo jiddiy sinovlarga duch kelayotganini ta’kidladi.
Guterrish qurolli mojarolar, davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, tengsizlikning kuchayishi va iqlim inqirozini asosiy muammolar sifatida qayd etdi. BMT Bosh Assambleyasi tashkilotning eng yirik organi hisoblanadi. Uning raisi asosan sessiyalarni tashkil etadi, majlislarni olib boradi va Assambleya nomidan vakillik qiladi.
Bu lavozim ko‘proq tantanali maqomga ega. Shunga qaramay, rais ayrim jarayonlarga cheklangan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qaynoq24.uz BMT iqlim sammitida yong‘in chiqqani haqida yozgan edi.


